Termiz davlat universiteti “Qatag‘on qurbonlari: tarixiy haqiqat, milliy xotira va ma’naviy meros” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasiga mezbonlik qildi.
Dastlab konferensiya ishtirokchilari Termiz davlat universitetidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga taklif etildi. Mehmonlar muzey ekspozitsiyalari, qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatiga oid tarixiy hujjatlar hamda noyob materiallar bilan tanishdilar.
Konferensiyada qatag‘on siyosatining tarixiy mohiyati va oqibatlari, qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyati, ularning ilm-fan, ta’lim, adabiyot va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi, tarixiy haqiqatni tiklash hamda milliy xotirani asrash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur konferensiya qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini yanada chuqur o‘rganish, tarixiy haqiqatni tiklash, milliy xotirani mustahkamlash hamda ularning boy ilmiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib etishda muhim ilmiy muloqot maydoniga aylandi.