Yangi O‘zbekiston

 Atrofimdagi narsalarning nomlarini onam, yaqinlarim yordamida kashf etib boshlaganimda shuncha nomini qanday yodimda saqlab yurarkanman, deb o‘ylardim. Yaqinlarim savollarimga shunday javob berardi yoki so‘ramaganlarim haqida o‘zlari tushuntirardi: Piyola – choy ichiladigan idishcha; Mashina – manzilga bir zumda eltib qo‘yuvchi texnika; Suv – hayot manbai; Havodan nafas olamiz; Kapalak uchib yurgan gulga o‘xshasa ham joni bor hashorot; Oyoq bosib turgan joyimiz yer. Ko‘zimizga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan narsalarga nom qo‘yishda davom etardim.

Tiniq suvga o‘xshagan osmonda suzib yurgan oppoq bulutlar menga tanish bo‘lgan hamma narsaga aylanishini uzoq kuzatib o‘tirishna yaxshi ko‘rardim. Keyinchalik oyoq bosayotgan yerimning nomi vazifasiga qarab (onamdan so‘raganimda yer hammaga tegishli juda katta makonligini, uning ustidagi narsalar barcha uchun umumiy yoki bir kishiga tegishli bo‘lishiga qarab turli vazifalarni bajarishini bilib olgan edim) o‘zgarib borishini angladim: hovlimizning ichida “uyimiz”, tashqarida “yo‘l”, “ko‘cha”, qo‘shnimizning uyiga o‘tganimda “Rushanalarning uyi”, o‘zim tengi bolalar bilan boradigan joyimda “bog‘cha”...

Bir gal qarindoshlarimiz bobomning tug‘ilgan kunida gurunglashib o‘tirisharkan, “falonchi vataniga qaytibdi”,  “falonchi bir vatan quribdi-bir vatan quribdi”, “falonchi vatanini obod qilib qo‘yibdi” deb kimlarnidar maqtashdi. Bir chekkada davradagi gaplarga quloq tutib o‘tirarkanman, davrada aytilayotgan narsalarni ko‘z oldimga keltirib, tasavvurimda jonlantirib borardim. Vatan so‘zini birinchi marta eshitishim edi, uni tasavvurimga keltirolmadim. Vatan nimaligini o‘sha yerda so‘rashga tortindim, onam kattalar gaplashayotganda kichiklar gapni bo‘lmasligi kerakligini ko‘p uqtirar edilar. Uyga qaytgach onamdan vatan nima ekanligini so‘radim. Onam mening yuzimdan o‘pib, shu o‘pich vatan, dedi. Ayvondagi qaldirg‘ochni, inini, inda bizga qarab ko‘zlarini mo‘ltiratayotgan polaponlarini ko‘rsatib bu ularning vatani ekanligini aytdi. Hovlimiz, biz oyoq qo‘yib turgan yer, gulzorimiz, akam, uyimizning bizning vatanimiz ekanligini tushuntirdilar. Vatanning ko‘rinishi bitta narsada tugal bo‘lmasligini, uni his qilib tanish kerakligini o‘sha kuni bilib oldim. Ko‘m-ko‘k osmon, yam-yashil bog‘imiz, arig‘imizda oqayotgan tiniq suv, yuzimni silayotgan mayin shamol vatan bo‘lib tuyula boshladi. Har kuni vatanning yangi ko‘rinishlarini topish zavqida atrofga boqadigan bo‘ldim.
Birinchi sinfga borganimda ustozimiz dunyo xaritasidan chegara ko‘rsatib, bu bizning vatanimiz O‘zbekiston, dedilar. Vatanni va ota-onani tanlash bizga bog‘liq emasligini, u taqdirimizga Xudo tomonidan bitilishini aytdi. “Bizning yurtimiz jannatmakon yurt. Dunyoda shunday mamlakatlar borki, to‘rt fasli biznikiga o‘xshamaydi, fuqarolari tabiat hodisalarini to‘liq ko‘rmaydi, toza ichimlik suvi muammo, odamlariga mehr tuyg‘usi begona...”. Ustozim bu gaplarni  aytar ekan mening xayolimdan yaxshiyai Xudo meni shu vatanda, ota-onamga farzand qilib dunyoga yuborgan degan o‘y o‘tdi. Mening vatan haqidagi tasavvurim kundan-kun kattarib boraverda. Sinfdoshlarim, ustozim, maktabim, sinf xonam – hammasi vatan bo‘lib tuyula boshladi. Ichimda vatan degan ulkan mehr har lahzamni bezovta etadigan, sog‘inchga to‘ldiradigan bo‘ldi. Uyga kelsam sinfdoshlarim va ustozimni sog‘inaman, maktabga borsam onamni sog‘inaman. Har lahzamda vatan borligini his qilaman. Ariqda to‘lib oqayotgan suvga qarab oynai jahonda ko‘rganim ozg‘in, qora tanli bolaning sho‘rxok yerni kovlab, kosalab suv olayotganini eslayman. Unga shu suvdan bir chelak uzatgim keladi. Obod, farovon vatanda ulg‘ayayotganimga taqdirimdan minnatdor bo‘laman. O‘sha qora tanli bola va meni to‘kis hayot bilan siylagan zot oldida qarzdorlik, qandaydir mas’uliyat tuyg‘usini his etaman. Ertangi kunimlarimni sog‘inib bugungi kunlarimni yashay boshlayman. Vatanimga eng kerak, fidoyi farzand bo‘lish, insoniyatga yaxshilik qilish, na’f beradigan kaspi-kor egasi bo‘lish orzusi har lahzamni oshiqtiradi. 
***
O‘zbekiston – katta imkoniyatlar eshigi. Bunda taqdirini vatan taqdiri bilan bog‘lagan har bir o‘g‘il-qiz orzusidagi manzilga, cho‘qqiga yetadi. Vatanimning nigohidan, g‘amxo‘rligidan hech qaysi farzandi chetda qolmasligini doim his qilib kelganman. Maktabdagi o‘quvchilik yillarimdan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilimga, komillikka bo‘lgan intilishini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladigan tanlovlarning faol qatnashchisi bo‘lganman. Bu tanlov, tadbirlardagi ishtirokimni vazifam, burchim deb bilganman. Bilimlar sinovi, “Nafosat”, “Siz qonunni bilasizmi” kabi bir qator tanlovlarda ishtirok etgan tengdoshlarim bilan keyinchalik “Kelajak ovozi”, “Yurt kelajagi” nomli iqtidorli yoshlar respublika tanlovlarida ham uchrashadigan bo‘ldim. Do‘stona aloqalar o‘rnatdik va bir-birimizning faoliyatimiz, orzu-intilishlarimiz bilan tanishligimiz bizga, bugundagi harakatlarimizga yanada ilhom, shijoat bag‘ishlaydigan bo‘ldi. Bugun bu tanishlarimning barchasi jamiyatimizning turli jabhalarida o‘z qobiliyati va kasbidan kelib chiqib faoliyat olib bormoqda. Ularning ham vatanga bo‘lgan mehri, millat kelajagi uchun o‘zini mas’ul deb bilishi mendagi e’tiqod tuyg‘usidan kam emasligiga ishonaman.
Faoliyatim taqozosidan doim jamiyat bilan hamnafasman. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar har bir fuqarosining kelajagini qamrab olishga qaratilgan. Vatanimdagi o‘zgarishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar, sharoitlar, targ‘ibotlarning guvohi, kuzatuvchisi, qo‘limdan kelguncha ijrochisi bo‘lib, farzandlik burchim va baxtimdan quvonaman.
Keyingi yillarda an’ana tusini olayotgan yosh kitobxon respublika tanlovining uch xil yosh doirasida tashkil etilgani kitobxonlik targ‘ibotida katta yangilik bo‘ldi. Kitob o‘qish, hatto ayb sanalgan paytlar ham bo‘lganini inkor etolmaymiz. Ayniqsa, qishloqlarda kitob o‘qish insondagi kamchilik, nuqson bo‘lib ko‘rinar darajaga yetgan edi. Kitobxon farzandidan, buning ustiga u farzand qiz bola bo‘lsa, ota-onalar uyalishgan. Bugun kitob o‘qigan qiz otasiga Spark sovg‘a qilyapti. Kitobdan katta tarbiyachi yo‘qligiga tarix va buyuk siymolarning qoldirgan meroslari guvohlik beradi. Vatan katta oilamiz, yurtboshimiz katta oilaning otasi ekan, farzandlari kitobxonligi uchun rag‘batlantirilar ekan, kitoblardan ko‘ngillarga kirayotgan yog‘dular ulkan quyoshlarga aylanishi shubhasiz.
Dunyo maydonlarida hukm surayotgan ob-havo insoniyatning asl qiyofasiga rahna solayotgani qalb ko‘zi ochiq har bir insonni tashvishga soladi. Kelajak egalarini milliy mintalitetimiz, mafkuramiz, o‘zligimiz ruhida olib qolish eng muhim vazifalardan biri. Shu bois prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarni qamrab olishga qaratildi. Ushbu 5 tashabbus ijrosini ta’minlash, targ‘ibotini samarali tashkil qilish maqsadida joylarda o‘tkazilgan tadbirlarda faol ishtirok etdim. Sportga, musiqa, adabiyot, san’at, kitob, kasbga yo‘naltirilgan qalb inson qiyofasini aniq tuyg‘ular bilan ko‘radi va shu da’voda bo‘ladi.
Har qaysi sohada yoshlarimiz, umuman, vatandaoshlarim erishayotgan yutuqlar yurtimizdagi tinchlik, yaratilayotgan shart-sharoit, imkoniyatlar, olib borilayotgan islohotlar mevasidir.
Men hozir Termiz davlat universitetining magistrantiman. Bakalvr bosqichida ham shu dargohda ta’lim oldim. Talabalikning oltin davrida ham ma’naviy, ham moddiy  qo‘llab-quvvatlovni yaqqol sezib turdim. Hozir ham vatan nomli katta kuch qo‘limdan tutib, yetaklab yurganini oldinga qadam tashlayotgan har lahzamda his qilaman.
Davlatdan imtiyozli kredit olib, bugun katta tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan do‘stlarim, tanishlarimning ko‘nglidan nima o‘tishini bilmayman, ammo ular uchun mening ko‘nglimda vatanga, ona tuproqqa bo‘lgan ixlos jo‘shadi. Vatanda otadek g‘amxo‘rlikni, onadek jonkuyarlikni ko‘raman. Farzandlik burchimni esa sharaf deb bilaman.
Ona – millat tarbiyachisi. Ayol qadrlangan jamiyat jannatga teng. Keyingi yillarda qizlar, ayollar mavzusida qabul qilinayotgan turli qaror va farmonlar millat onalarining taqdirida yangi sahifalar ochdi, ochmoqda.

Avtobus, taksida ketarkanman, yo‘ldoshlarimning suhbati mavzusidan ilhom olaman. Ertangi kuni haqida rejalari, orzulari menga ham yorug‘lik bag‘ishlaydi. Osmoni musaffo, tinch, farovon vatanda odamlar ertasini shunday rejalashtiradi, kelajagini o‘zlari quradi.

Fizika darsida ustozimiz yerning yumaloq ekanligini, insonlar, jismlar yerning tortishish kuchi evaziga osmonga sochilib ketmayotganligini aytganida 24 nafar o‘quvchi birdek hayratlanganmiz. Yer sharining shu holatini uzoqdan, to‘liq ko‘rishni istaganmiz, shunda bu tasavvurga sig‘mas manzaraga ishonchimiz komil bo‘ladigandek. O‘qib-o‘rganishlarimiz, hayotiy tajribalar natijasida bugun ilm-fanning ixtirolari, imkoniyatlari, tabiat qonuniyatlariga so‘zsiz ishonamiz. Vatanga bo‘lgan mehr har birimizni yerning tortishish kuchidan kam bo‘lmagan kuch bilan ajdodlarimiz, tariximiz, tuprog‘imizga bog‘lab, tutashtirib turibdi. Jamiyatdagi jarayonlarni, insonlarni, amallarini kuzatib yer sharining o‘zidagi jismlarni tortishish kuchi bilan tutib turgan umumiy  ko‘rishdagi holat manzarasini to‘lig‘icha ko‘rgandek bo‘laman.
Oyog‘imiz turgan zamin dunyo bo‘ylab kengaya borar ekan, chegaralar, iqlim, udumlar, elatlar,  tillar va ma’lum qismlardagi vazifalar o‘zgarib boradi. Faqat, biz kashf etgan umumiy tuyg‘ularimizni, qadriyatlarimizni shu vatan bilan taniymiz, shu zaminda muqaddas bilamiz. Ichimdagi vatan O‘zbekiston bag‘rida men bilan ulg‘ayib boryapti. Ildizlarim kundan-kun ajdodlarimga borib mustahkam tutashayotganini tomirlarimda oqayotgan qon bilan, orzularimni erkalayotgan tuyg‘ular bilan his qilaman. Ustozlarim, yaqinlarim, do‘stlarim, men hurmat qiladigan shaxslar – har bir qalbda O‘zbekistonning o‘zgacha qiyofasini ko‘raman.
***
Bugun men ham ustozman. Magistratura bosqichida o‘qishni davom ettirish bilan bir qatorda maktabda o‘quvchilarga dars beryapman. Kulib turgan ko‘zlarga, mehr to‘la nigohlarga boqarkanman, ular ham menga vatanga aylanib ko‘rinadi. Ruchka tutgan qo‘llari bilan hayajonlanib vatanga qarab turganday. Ular ham kelajakda o‘z qo‘llari, qalbi bilan yuragida vatanning nurli chizgilariga sayqal beradi. O‘zbekiston ularning ham qo‘llaridan tutib, orzulari tomon yetaklab boradi. Biz shunday vatanda yashayapmiz.

Yoshligimda oyoq qo‘yib turgan yerimiz umumiy yoki bir kishiga tegishliligiga qarab har xil vazifalarni bajarishini kattalar yordamida bilib olgandim. Bugun O‘zbekiston degan nom bizning mushtarak manzilimiz, makonimiz ekanini ich-ichimdan anglayman. Uning sarhadi dunyoni anglaganim sari kengayib boryapti. Bu iqrorni hali yana kashf qilib, ulg‘aytib borish zavqi bilan hayotimni, umrimni bir imorat kabi go‘zal tuyg‘ular, a’mollar bilan ganjlab qurib boryapman. Vatanni anglash, butun bo‘y-basti bilan ko‘rish bir daryo umrni yashashga arziydi.

Inobat KARIMOVA,
TerDU magistranti

Foydali Havolalar

Yangiliklar

Germaniya universiteti bilan akademik va ilmiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

  • 2026-08-25
  • 52

Termiz davlat universitetiga Germaniyaning Myunster universiteti professori Silvia Reuvekamp hamda Bergishe Vuppertal universiteti professori Matthias Martinez tashrif buyurdilar.

Batafsil

TerDU xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda

  • 2026-08-24
  • 52

Termiz davlat universiteti rektori huzurida xalqaro hamkorlik, xalqaro akkreditatsiya va reytinglar, xorijlik talabalarni jalb etish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Batafsil

TERDUDA TAJRIBA VA BILIM UYG‘UNLIGI — YANGI IMKONIYATLAR SARI MUHIM QADAM!

  • 2026-08-24
  • 52

Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-noyabrdagi PQ-675-son qaroriga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil mehnat tajribasiga ega bo‘lgan, biroq oliy ma’lumoti

Batafsil