2022 yil 28-iyun kuni o‘tkazilgan Markaziy saylov komissiyasining majlisida Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Qarorga asosan 30-iyundan 1-iyul sanasiga qadar Markaziy saylov komissiyasi va Davlat boshqaruv akademiyasi bilan hamkorlikda, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, professor-o‘qituvchilar hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari tarkibida shakllantirilgan 100 nafardan ortiq yuqori malakali ekspertlar uchun o‘quv-uslubiy seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda TerDU rektori A.Maraximov boshchiligida oliygohning 6 nafar professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etishdi.
Bugun esa Termiz davlat universitetida Surxondaryo viloyati hududiy trenerlari uchun maxsus o‘quv-uslubiy seminarga start berildi.
Seminarda tinglovchilar uchun “Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarini tuzish tartibi va faoliyatining asosiy jihatlari”, “Referendumda ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxati bilan ishlash”, “Muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish” hamda “Davlat boshqaruv akademiyasi Referendum uchastkasida amaliy mashg‘ulot va mavjud tajribani o‘rganish” kabi mavzu va TerDU professor-o‘qituvchilari tomonidan ma’ruzalar olib boriladi.
Ikki kun bo‘lib o‘tadigan o‘quv-seminar yakunida tinglovchilarning treningdan olgan bilim va ko‘nikmalari test orqali sinovdan o‘tkaziladi va kutilgan natijaga erishgan tinglovchilarga sertifikatlar topshiriladi.