Termiz davlat universitetida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasiga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimligi mutasaddilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

Ochiq muloqotda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov 25 iyundan 5 iyulgacha “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasiga start berilganini ta’kidlab, keyingi yillarda vohada yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr yuritdi.

Qayd etildiki, loyihada Asosiy qonunimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartish kiritish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda. Surxondaryo viloyati aholisi ham yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish jarayonida o‘z takliflari bilan faol ishtirok etayotir. Bu voha ahlining obod, farovon va osuda hayotga daxldorlik tuyg‘usi oshib borayotganining amaldagi ifodasidir. “Mening konstitutsiyam” mavzusida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Oliy Majlis Senati a’zosi Orziqul Soatov, “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘limi rahbari Gulmira Amirova, Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Rustam Norliyev, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Dilbar Suvonova, Termiz davlat pedagogika instituti talabasi Sayyora Xursanova hamda boshqalar so‘zga chiqib, Bosh qomusimizga insonning huquq va erkinliklari, tadbirkorlik va yerga oid masalalar, oila, mehnat munosabatlari, sud-huquq sohasi, ta’lim, tibbiyot, ekologiya va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda taklif etilayotgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida fikr-mulohaza yuritdi.

–Mustaqillikkacha Termiz yopiq shahar edi, – deydi mehnat faxriysi Chori Jumayev. – Shaharga kirib-chiqish qatiy fuqarolik hujjati asosida amalga oshirilar edi.

Shuningdek, bundan to‘rt-besh yil ilgari ham viloyatda o‘rnatilgan postlarda vohaga kirishda hujjatlar tekshirilar, boshqa hududlardan kelayotgan mehmonlarning fuqarolik pasporti bo‘lmasa, uning shaxsi aniqlanguncha o‘sha yerda ushlab turilar edi. Mana, shukrki endilikda Termizga kirib-chiqish barcha yurtdoshlarimiz uchun ochiq, bemalol bo‘lib qoldi.
Postlar olib tashlandi. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarga chiqish hamda vohaga kirish tartiblari juda soddalashtirildi. Bu ham insonning huquq va erkinliklari ta’minlanib, qadr-qimmati ulug‘lanayotganiga yaqqol dalildir. Bosh qomusimizga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar esa keyingi yanada tinch, to‘kin turmushimizni yanada mustahkam kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir yakunida olis va chekka hududlarda ham aholiga konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqida atroflicha ma’lumot berib borish tavsiya etildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA