“Unutilmas siymolar”

Termiz davlat universiteti hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi hamkorligida Shafoat Rahmatullo Termiziy tavalludining 80 yilligi munosabati bilan shoir xotirasini abadiylashtirish, uning faoliyati va merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish maqsadida “Unutilmas siymolar” mavzusida  ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda TerDU professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda  ustoz ijodkorlar ishtirok etishdi.

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida 1941 yil tavallud topgan xassos shoir Shafoat Rahmatullo Termiziy (Shafoat Rahmatullayev) o‘z ijod namunalari bilan elimiz qalbidan chuqur joy olgan. Ijodkorning “Janub shamoli”, “Umid ostonasi”, “Ozod so‘z”, “Ko‘rinmay gulladim”, “Shoh va shoir”, “Gulob” singari kitoblari nashr etilgan. 1965 yili Toshkent Davlat konservatoriyasini tugatgan Sh. Rahmatullayev shuningdek, musiqa sohasida “Musiqa uslubiyoti”, “Musiqa alifbosi” va “Boshlang‘ich musiqa” risolalarini chop ettirgan. U 1968 yildan Termiz davlat universitetida yosh avlodga saboq berib, ko‘plab shogirdlar tayyorlagan. Uzoq yillar O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limini boshqargan. 1998 yilda “Shuhrat” medali, 2003 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. 

She’riyatdan so‘z ochsangiz, yosh bolalar kabi zavqlanib ketadigan shoirning teran satrlari hisobsiz qalblarni unsizgina zabt etgani bizga sir emas. U har bir so‘zni yetti o‘lchab bir kesadi:
Shoir o‘tdi. Ha, o‘tdi-ya, shoir o‘tdi…
Mana shu birgina satrda badanimizni jimirlatadigan mungli ohang o‘tgan kunlarimizni ko‘z o‘ngimizda charxdek o‘giradi.
Dahshatli tovush-la guldur chaldi zang,
Kamalak yoy tortdi bosh uzra tarang!
Kimga shu dam ajal o‘qi yopishdi,
Bizlar ham nishonda turibmiz, qarang…
Misralar o‘zining zalvori, tarovati bilan kishini mahliyo etadi. She’r yozilmaydi, balki musavvirona chiziladi. 
Shuning uchun bo‘lsa kerak, she’rni o‘qiganimizda go‘zal manzaralar bizni o‘z og‘ushiga chorlayveradi.
Ko‘rinmay gulladim tutning guliday,
Tutday pisharim ham kelar-kelmas may
Bilamizki, sanoqli daraxtlargina ko‘rinmay gullaydi. Ularning mevasi boshqa daraxt mevalaridan totliligi bilan farq qiladi. Shoir satrlarining zalvori ham ana shunda bo‘lsa kerak. 
Tutning may oyida pishib, bolalar va qushlarning ovunchog‘iga aylanishini bilgan shoir May kelishiga hali vaqt borligini ta’kidlayotgandek.
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning Shafoat Rahmatullo Termiziyga atab yozgan she’rida shunday satrlar bor:
Garchi xasdan baland, kasdan kamdirman,
Do‘stim, senga yondosh quvonch, g‘amdirman,
Termiziy bobodan qolgan shamdirman,
Ming yil puflasang ham, aslo o‘chmayman…

Foydali Havolalar

Yangiliklar

Germaniya universiteti bilan akademik va ilmiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

  • 2026-08-25
  • 48

Termiz davlat universitetiga Germaniyaning Myunster universiteti professori Silvia Reuvekamp hamda Bergishe Vuppertal universiteti professori Matthias Martinez tashrif buyurdilar.

Batafsil

TerDU xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda

  • 2026-08-24
  • 50

Termiz davlat universiteti rektori huzurida xalqaro hamkorlik, xalqaro akkreditatsiya va reytinglar, xorijlik talabalarni jalb etish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Batafsil

TERDUDA TAJRIBA VA BILIM UYG‘UNLIGI — YANGI IMKONIYATLAR SARI MUHIM QADAM!

  • 2026-08-24
  • 50

Termiz davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-noyabrdagi PQ-675-son qaroriga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil mehnat tajribasiga ega bo‘lgan, biroq oliy ma’lumoti

Batafsil